Kontent qismiga oʻtish

Beshariq tumani

Koordinatalari: 40°25′1.2″N 70°36′57.6″E / 40.417000°N 70.616000°E / 40.417000; 70.616000
Vikipediya, erkin ensiklopediya
Beshariq tumani
tuman
Tarkibida Fargʻona viloyati
Maʼmuriy markazi Beshariq
Asos solingan sanasi 1926-yil
Hokim Rasuljon Jo‘rayev [1]
Rasmiy tili oʻzbek
Aholi 223.8 ming [2]
Millatlar tarkibi Oʻzbeklar - 99,7%
Dinlar tarkibi Musulmonlar
Maydoni 780 km²
Vaqt mintaqasi UTC+5
Xaritada
Beshariq tumani xaritada
40°25′1.2″N 70°36′57.6″E / 40.417000°N 70.616000°E / 40.417000; 70.616000

Beshariq tumani — Fargʻona viloyatidagi tuman. 1926-yil 29-sentabrda tashkil etilgan. Fargʻona viloyatining Oʻzbekiston va Furqat tumanlari, Tojikistonning Konibodom va Asht tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 0,77 ming km2. Aholisi 252 ming kishi (2024). Beshariq tumanida 1 shahar (Beshariq) va 15 qishloq fuqarolari yigʻini (Chorbogʻtoʻrongʻi, Andarxon, Qumqishloq, Beshsari, Ittifoq Beshariq, Vatan, Rapqon, Tovul, Yakkatut, Qashqar, Qorajiyda) bor. Markazi — Beshariq shahri.

Relyefi pasttekislik, qir, toshloq va qumli chala choʻllardan iborat. Jan.gʻarbida qum barxanlari, sharqida Markaziy Fargʻonaning Soʻx-Isfara massivi bor. Yer yuzasi shimolga nishabatan Iqlimi keskin kontinental. Yanvarning oʻrtacha harorati —2 °C, iyulniki 28 °C. Yiliga 200 mm yogin tushadi. Janubiy qismiga koʻproq yogʻin yogʻadi. Bahorda gʻarbdan sharqqa kuchli (baʼzan sekundiga 30 m tezlikda) shamol esadi. Vegetatsiya davri 205 kun. Tumanning shimolda Sirdaryo, janubda Isfara daryosi oqadi, gʻarbida Qayroqqum suv ombori bor. Beshariq tumani yerlari Katta Fargʻona kanalidan sugʻoriladi. Tuman hududidan Soʻx-Isfara kollektori oʻtgan. Tuman qir qismining tuprogʻi sershagʻal, tekislik qismining tuprogʻi esa sugʻoriladigan boʻz tuproq. Shuvoq, shoʻra, yantoq, qamish, qoʻgʻa, oq miya, qizil miya, yulgʻun, saksovul oʻsadi. Yumronqoziq, quyon, echkemar, boʻri, tulki, har xil ilonlar yashaydi. Tuman yerlarida faqat sugʻorib dehqonchilik qilish mumkin[3].

Aholisi, asosan oʻzbeklar; tojiklar, qirgʻizlar, tatarlar va boshqalar ham yashaydi. 1 km2 ga oʻrtacha 193 kishi toʻgʻri keladi. Shaharliklar 50 ming kishidan ortiq, qishloq aholisi 173 ming kishidan ortiq kishi. Jami aholi soni 223.8 ming kishi (2019).

Tumanda paxta tozalash zavodi, tibbiyot paxtasi tayyorlaydigan, yigiruvtoʻquv va mebel fabrikalari, paxta chiqindisidan karton ishlaydigan va past nav paxtani qayta ishlab tozalaydigan mahalliy sanoat kombinati bor. Tumanda 138 kichik korxona va 2 kooperativ korxona mavjud. Bulardan eng muhimlari: metall qopqoqlar tayyorlovchi, xalq isteʼmoli mollari chiqaruvchi „Navbahor“, „Bahor“ kichik korxonalaridir. Qishloq xoʻjaligida sugʻoriladigan yerlar 21,6 ming ga, shu jumladan 12,3 ming ga yerga paxta, 0,09 ming ga yerga sabzavot, 0,9 ming ga yerga beda, 0,76 ming ga yerga makkajoʻxori, 0,04 ming ga yerga sholi ekiladi.

Beshariq tumanida 3 jamoa xoʻjaligi, 4 shirkatlar uyushmasi, 1 xoʻjaliklararo korxona, parrandachilik fabrikasi, 148 fermer xoʻjaligi va Qoʻqon oʻrmonchilik xoʻjaligining filiali bor. Tuman jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarida 46,7 ming krramol, 32,5 ming qoʻy va echki. 54,4 ming parranda bor. Beshariq tumani gʻarbidan Toshkent—Qoʻqon temir yoʻli oʻtadi. Yaqin temir yoʻl stansiyasi—Rapqon tuman markazidan 2 km. 1999/2000 oʻquv yilida 47 umumiy taʼlim maktabida 33,8 ming oʻquvchi, 2 litseyda 236 oʻquvchi taʼlim oldi. 9 kinoteatr, 46 ommaviy kutubxona, 24 klub, madaniyat uyi, muzey, 866 oʻrinli 5 kasalxona, poliklinika va 54 tibbiy punkti boʻlib, ularda 165 vrach, 654 oʻrta maʼlumotli tibbiy xodim ishlaydi. 1932-yildan „Beshariq tongi“ tuman gazetasi chiqadi (adadi 2500).